Ilmiy maslahatchining huquq va majburiyatlari

Ilmiy maslahatchining huquq va majburiyatlari
 

65. Ilmiy maslahatchi quyidagi huquqlarga ega:
a) OTM rektori yoki ITM direktori tomonidan tasdiqlangan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash rejasini hisobga olgan holda, bir vaqtning o’zida ko’pi bilan ikki doktorantga ilmiy maslahatchilik qilish. Agar ilmiy maslahatchi bir vaqtning o’zida aspirantning ham ilmiy rahbari bo’lsa, doktorant va aspirant (ad’yunkt)larning soni 3 (uch) kishidan oshmasligi lozim. Dissertasiya ishlarining o’z vaqtida himoyaga taqdim etilishini ta’minlaydigan ilmiy maslahatchiga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori bilan qo’shimcha ravishda bir yoki ikki doktorantga ilmiy maslahatchilik qilish;
b) OTM yoki ITM Ilmiy kengashiga doktorantni xorijiy ilmiy markazlar va OTMlariga ilmiy safarga yuborishning maqsadga muvofiqligi to’g’risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat etish.

66. Ilmiy maslahatchi quyidagi majburiyatlarga ega:
a) doktorantning ilmiy ishiga samarali ilmiy maslahatchilik qilish;
b) doktorantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini nazorat qilish;
v) OAK talablariga muvofiq ravishda dissertasiya ishining o’z vaqtida sifatli tugallanishi va himoyaga taqdim etilishini ta’minlash;
g) har yili Ilmiy kengash oldida doktorant bilan birga hisobot berish.

67. Muntazam ravishda dissertasiya ishlarining o’z vaqtida himoyaga taqdim etilishini ta’minlamaydigan ilmiy maslahatchiga nisbatan OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori bilan doktorantlarga ilmiy maslahatchilik qilish huquqidan mahrum qilishgacha bo’lgan choralar ko’rilishi mumkin.