Aspirantning huquq va majburiyatlari

Aspirantning huquq va majburiyatlari
 

35. Aspirant quyidagi huquqlarga ega:
a) OTM va ITMning uskuna, laboratoriya, xona, kutubxona va boshqalaridan foydalanish;
b) mutaxassisligi bo’yicha ilmiy ekspedisiya, konferensiya, seminar va boshqalarda ishtirok etish;
v) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etish;
g) ilmiy xizmat safarlariga, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga borish (O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi sovrindori bo’lgan aspirantlar o’qishni bitirgandan so’ng uch yil mobaynida o’qishni davom ettirish va tajriba orttirish uchun xorijga jo’natishda imtiyozli huquqni saqlab qoladilar);
d) ilmiy-tadqiqotlar bo’yicha yetarli va malakali rahbarlik amalga oshirilmagan taqdirda, ilmiy rahbarni almashtirish to’g’risida Ilmiy kengashga ariza bilan murojaat etish;
ye) davlat grantlari hamda xo’jalik hisobidagi ilmiy ishlarni bajarishda ishtirok etish, shuningdek ilmiy rahbarning ruxsati bilan bir yilda 125 soatgacha bo’lgan hajmda pedagogik faoliyat olib borish.

36. Aspirant quyidagi majburiyatlarga ega:
a) OTM yoki ITM Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi bo’yicha ilmiy-tadqiqot olib borish va uni to’liq bajarish;
b) kafedra, bo’lim, laboratoriya va sektor majlislarida shaxsiy ish rejasining bajarilishi to’g’risida muntazam ravishda (yilda kamida ikki marta) hisobot berib borish hamda yil yakunida tegishli hisobot topshirish;
v) OAK tomonidan tasdiqlangan talablarga muvofiq ravishda o’z vaqtida nomzodlik imtihonlarini topshirish;
g) ilmiy ishlar natijalarini OAK reyestriga kiritilgan ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar shaklida e’lon qilib borish;
d) kasbiy bilimlar, mustaqil ilmiy-tadqiqot va pedagogik ish olib borish malakasi, ilmiy-tadqiqotlarni o’tkazish uslubiyatini egallash;
ye) nomzodlik dissertasiyasini muddatida himoya qilish va Ixtisoslashgan kengashga himoya uchun taqdim etish;
j) maqsadli aspiranturani tugatgandan so’ng uni o’qishga yuborgan ITM, OTM va tashkilot ixtiyoriga qaytish va kamida 3 (uch) yil ishlab berish.