Oquv jarayonini tashkil etish

O’quv jarayonini tashkil etish

25. Magistratura mutaxassisliklari bo’yicha o’quv jarayonini tashkil etishga quyidagi talablar qo’yiladi:
ilmiy-tadqiqot mavzularining mutaxassisliklarga mos bo’lishi;
davlat ta’lim standartlari talablari darajasida nazariy ta’lim, laboratoriya mashg’ulotlari, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish hamda magistrlik dissertasiyalarini tayyorlash uchun zaruriy o’quv-uslubiy 
va moddiy-texnik bazasining mavjudligi;
oliy ta’lim muassasasi, buyurtmachi tashkilotlar, akademik 
va ilmiy tekshirish institutlari hamda ilmiy markazlarda davlat ta’lim standartlari va o’quv rejalariga muvofiq malaka amaliyotlarini o’tkazish uchun oliy ta’lim muassasasi, fakultet va kafedralar bilan korxonalar o’rtasida tasdiqlangan shartnomalarning mavjudligi;
magistrlar tayyorlash jarayoniga eng yuqori malakali o’qituvchilar, 
fan nomzodi va dosentlar, fan doktori va professorlar shuningdek, davlat 
va jamiyatni modernizasiya qilish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, rivojlantirish va axborotlashtirish sharoitlarida ish tajribasiga ega bo’lgan yuqori malakali amaliyotchilarning jalb etilishi.
26. Magistraturada talabaning shaxsiy ish rejasi asosida ta’lim olishiga ilmiy rahbar mas’ul hisoblanadi. 
27. Magistratura talabasi semestr davomida ikki marta kafedra yig’ilishida rasmiy hisobot beradi. Talabalar hisobotini eshitish jadvali kafedra mudiri tomonidan ishlab chiqiladi va fakultet dekani (magistratura bo’limi boshlig’i) tomonidan tasdiqlanadi. 
Kafedra mudiri talabalarning fanlarni o’zlashtirishi, ilmiy ishlari holati bo’yicha har semestrda bir marta fakultet ilmiy kengashi (magistratura bo’limi)ga hisobot beradi.
Talaba ilmiy rahbar ishtirokida semestrlar yakunida fakultet ilmiy kengashi (magistratura bo’limi)ga magistrlik dissertasiyasining bajarilish holati, ilmiy, uslubiy maqolalar tayyorlanishi, o’tkazilgan ijodiy ishlar ko’rigi haqida yozma hisobot taqdim etadi.
28. Magistraturada barcha turdagi auditoriya va auditoriyadan tashqari o’quv ishlarini o’z ichiga olgan o’quv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 54 soatga teng bo’lishi lozim. Kunduzgi o’quv shakli uchun auditoriya mashg’ulotlari va ilmiy faoliyatning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat qilib belgilanadi. O’qishning normativ muddati ikki yil bo’lgan taqdirda o’quv jarayoni 100 hafta davom etishi zarur.
 Ayrim sohalar uchun kadrlar tayyorlash va o’qitish jarayonining o’ziga xos xususiyatlari, magistraturada tahsil olish muddatlarini (3 yil) inobatga olib, o’quv davrining umumiy hajmini nazariy ta’lim, attestasiya, amaliyot, ta’til va ilmiy faoliyat taqsimotiga Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda o’zgartirishlar kiritilishi mumkin.
29. Talabaning umumiy haftalik yuklamasi 54 soat bo’lgan holda auditoriya o’quv yuklama soatlari hajmi 18 – 20 soatdan oshmasligi lozim. Qolgan vaqt talabalarning mustaqil ishlari, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va magistrlik dissertasiyalarini tayyorlashga ajratiladi. 
Qayd etilgan ishlar kafedraning doimiy nazorati ostida tashkil etiladi, kalendar-tematik rejalar va qayd etish jurnallari yuritiladi. 
30. O’quv davri umumiy hajmining nazariy ta’lim, amaliy mashg’ulot, ilmiy faoliyat, malakaviy amaliyot, yakuniy davlat attestasiyasi 
va ta’tillar bo’yicha taqsimoti mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan jadval bo’yicha amalga oshiriladi.
 31. Talabalar o’zlashtirishi reyting tizimiga asosan baholanadi. 
32. O’qish davrida talaba kamida ikkita davlat imtihoni (ijtimoiy-iqtisodiy va mutaxassislik fanlari bo’yicha) topshiradi hamda magistrlik dissertasiyasini tayyorlaydi. 
Yakuniy davlat attestasiyasi tegishli fanlar bo’yicha o’quv jarayoni tugagan semestrda yoki ta’lim dasturi yakunida topshiriladi.
33. Talabalarning mustaqil ishi o’quv rejasidagi muayyan fanni o’zlashtirish uchun belgilangan o’quv ishlarining ajralmas qismi bo’lib, bilimlarni mustaqil o’zlashtirish ko’nikmalarini shakllashtirish, zamonaviy axborot manbalaridan samarali foydalanishga yo’naltiriladi. 
34. Talabaning mustaqil ishi ham barcha o’quv faoliyati turlaridek, reyting tizimi asosida baholanadi.