OLIY TALIM VA ILMIY-TADQIQOT MUASSASALARIDA DOKTORANTURA FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

OLIY TA’LIM VA ILMIY-TADQIQOT MUASSASALARIDA DOKTORANTURA FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
 

§-1. Umumiy qoidalar
§-2. Doktoranturaga ega oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot
muassasalarining huquq va majburiyatlari
§-3. Doktorantning huquq va majburiyatlari
§-4. Ilmiy maslahatchining huquq va majburiyatlari


§-1. Umumiy qoidalar

41. Doktorantura nufuzli ilmiy maktablar va laboratoriya-tadqiqot bazalariga ega bo’lgan yetakchi OTM va ITMlari qoshida fan va texnikaning eng muhim sohalari bo’yicha oliy malakali ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida hamda birinchi navbatda, fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, davlat ilmiy-texnika dasturlarini, shuningdek fan va texnikaning ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi.

42. Doktorantura FA, vazirlik va idoralar tomonidan OAK bilan kelishilgan holda ochiladi. 

43. Tegishli ixtisosliklar bo’yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari) hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo’lgan OTM va ITMlari doktorantura ochishning maqsadga muvofiqligi to’g’risidagi murojaatlari bilan idoraviy bo’ysunuviga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarga murojaat etadilar. Murojaat bilan birga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori hamda doktorantura ochilishi rejalashtirilayotgan ixtisosliklar bo’yicha muassasada faoliyat ko’rsatayotgan fan doktorlari to’g’risidagi ma’lumot kadrlar bo’limi tomonidan tasdiqlangan holda mazkur Nizomda keltirilgan ilovaga muvofiq taqdim etiladi. 

44. FA, vazirlik va idoralar o’z tasarrufidagi muassasalar doktoranturalari faoliyatini muvofiqlashtiradilar, ularning samaradorligi (doktorantlar tomonidan dissertasiyalarning o’z muddatida himoya qilinishi yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etilishi) yuzasidan monitoring va nazorat ishlarini olib boradilar hamda ularga ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladilar. 

45. Doktoranturaga davlat grantlari bo’yicha yillik qabul rejalari loyihasi davlat akkreditasiyasidan o’tgan ixtisosliklar bo’yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan muassasalardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan real ehtiyoj, doktorantura samaradorligi (dissertasiyalarni o’z muddatida himoya qilish yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etish ko’rsatkichi), muayyan ixtisoslik bo’yicha mavjud ilmiy maslahatchilar faoliyati samaradorligi hamda har bir ilmiy maslahatchiga bir vaqtning o’zida biriktirilishi mumkin bo’lgan doktorantlar soni bo’yicha mazkur Nizomda belgilangan me’yorlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va Moliya vazirligi ajratgan mablag’ doirasida tasdiqlanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni doktorantura orqali shartnoma asosida tayyorlash, OTM va ITMlar tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

46. Doktoranturaga doktorlik dissertasiyasiga asos bo’la oladigan salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan ilmiy muammolarni hal qilishga qobiliyatli, fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan iste’dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar qabul qilinadi.

47. Doktoranturaga kirayotgan shaxslar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) ariza;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) oliy ma’lumot, fan nomzodi diplomlari va dosent (katta ilmiy xodim) attestatlari nusxasi (agar mavjud bo’lsa);
g) tadqiqot mavzusi bo’yicha ilmiy ma’ruza va doktorlik dissertasiyasining kengaytirilgan reja-loyihasi;
d) chop etilgan ilmiy ishlari va ixtirolari ro’yxati hamda ularning nusxalari, ilmiy-tadqiqot ishlari to’g’risidagi hisobotlar ro’yxati (agar mavjud bo’lsa);
ye) ish joyidan tavsifnoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun);
j) mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi; 
z) tibbiy ma’lumotnoma (086-shakl);
i) 4x6 o’lchamdagi 4 dona fotosurat;
y) pasport va harbiy bilet (agar mavjud bo’lsa) shaxsan ko’rsatiladi.

48. Doktorantura faoliyat ko’rsatayotgan OTM yoki ITMning Ilmiy kengashi tegishli kafedra, bo’lim, laboratoriyaning doktoranturaga tavsiya etilgan nomzodning ilmiy ma’ruzasi va doktorlik dissertasiyasining kengaytirilgan reja-loyihasi bo’yicha xulosalarini ko’rib chiqadi hamda bajarilgan tadqiqotlar hajmini hisobga olgan holda nomzodni doktoranturaga qabul qilish yoki qilmaslik to’g’risida qaror qabul qiladi. Ilmiy kengash qarorida doktoranturada o’qish muddati tabaqalashtirilgan tarzda bir yildan uch yilgacha belgilanadi.

49. Doktoranturaga qabul tasdiqlangan reja bo’yicha OTM va ITMlarining ommaviy axborot vositalarida bergan e’lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr-oktyabr oylarida amalga oshiriladi. Qabul to’g’risidagi hisobotlar yilning 15 noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga taqdim etiladi.

50. Doktorantlarga dissertasiya tadqiqotlari o’tkazishlarida yordam ko’rsatish uchun zaruriyat tug’ilganida OTM rektori yoki ITM direktori buyrug’i bilan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar orasidan (akademik, fan doktori-professor) ilmiy maslahatchilar tayinlanadi. Ilmiy maslahatchi sifatida boshqa tashkilotlardan yetakchi olim va mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.

51. Doktorantlarni idora ichida (muassasalar filiallari bundan mustasno) va idoralararo maqsadli tayyorlash uchun ularni yo’llovchi hamda qabul qiluvchi tashkilot o’rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi. Doktorantlarni davlatlararo maqsadli tayyorlash Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda o’rnatilgan tartibda mamlakatlarga ajratilgan kvotalar doirasida yoki FA, vazirlik va idoralar yo’llanmasi asosida amalga oshiriladi. Maqsadli doktoranturaga o’rinlar yo’llovchi hamda qabul qiluvchi tomon o’rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgandan so’ng ajratiladi.

52. Boshqa shahardan kelgan doktorantlar ularni o’qishga yuborgan tashkilot mablag’i hisobidan turar joy bilan ta’minlanadilar.

53. Doktoranturada o’qish muddati ilmiy-pedagogik stajiga qo’shiladi. Doktoranturada o’qish muddatiga har yili beriladigan 30 kalendar kundan iborat haq to’lanadigan ta’til ham kiradi.

54. Doktorantlar uchun stipendiya va ularning ilmiy rahbarlari uchun to’lovlar tasdiqlangan rejaga asosan tegishli OTM va ITMlarning xarajatlar smetasida ko’zda tutiladi.

55. Doktorantlarga ilmiy-tadqiqot muassasalarida davlat byudjetining fan, OTMlarida esa davlat byudjetining maorif sohasi bo’yicha ajratilgan mablag’lar hisobidan mehnatga haq to’lashning yagona tarif setkasi bo’yicha belgilangan razryadlarga muvofiq stipendiya to’lanadi.

56. OTMlarida ilmiy maslahatchilarning doktorantlar bilan olib boradigan ishi bir doktorant uchun bir yilda 100 soat hajmida ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida esa doktorantlarning ilmiy maslahatchilari mehnatiga davlat byudjetining fan sohasi bo’yicha ko’zda tutilgan mablag’lardan, shuningdek, shartnoma summasidan har bir doktorant uchun bir yilda 100 soat hisobidan haq to’lanadi. Doktorantning avtoreferatlarini chop etish va tarqatish bilan bog’liq sarf-xarajatlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Ixtisoslashgan kengash faoliyat ko’rsatayotgan OTMlar tomonidan davlat byudjetining maorif, ITMlar tomonidan esa davlat byudjetining fan sohasi mablag’lari hisobidan qoplanadi.

57. Doktorantlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq o’rindoshlik bo’yicha ishlashga ruxsat etiladi.

58. Doktoranturani muddatidan ilgari dissertasiya himoyasi bilan tugatgan doktorantlarga OTM yoki ITMning byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot to’lanadi. Dissertasiyasini muddatidan ilgari himoya qilgan doktorant 30 kalendar kundan iborat ta’til berilgandan so’ng doktoranturadan chiqariladi.

59. Doktorantlar butun o’qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga jalb qilinmaydilar, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

60. Doktoranturada o’qish muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik, homiladorlik va tug’ish ta’tili hamda boshqa favqulodda sabablarga ko’ra uzaytiriladi, ularning moddiy ta’minoti esa qonunchilikda belgilangan tarzda amalga oshiriladi.