Magistratura tugrisida nizom

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida»gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 10 sentyabrdagi 190-son «O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining magistratura to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida buyrug’i e’lon qilindi.

Magistratura to’g’risidagi nizomda namunaviy shakldagi shaxsiy kalendar ish rejasi keltirilgan bo’lib, unga ko’ra magistrant ish rejaning bajarilishi bo’yicha har oyda kafedra yig’ilishida rasmiy hisobot beradi. O’z o’rnida kafedra mudiri ham talabalarning fanlarni o’zlashtirishi, ularning ilmiy-tadqiqot ishlari holati bo’yicha har semestrda 1 marta tegishli fakultet ilmiy kengashi (o’quv-uslubiy kengash)ga hisobot berishi lozimligi belgilangan.

Talaba ilmiy rahbari ishtirokida semestrlar yakunida tegishli fakultet ilmiy kengashi (o’quv-uslubiy kengash) va magistratura bo’limiga dissertasiyaning bajarilish holati, ilmiy, uslubiy maqolalar tayyorlanishi, o’tkazilgan ijodiy ishlar va boshqalar haqida yozma hisobot taqdim etib borishi ko’rsatilgan.

Shu bilan birga yangi Nizomda tegishli vazirliklar davlat qo’mitalari, idoralar tomonidan har o’quv yilining aprel-may oylarida talabalar faoliyatining samaradorligi monitoringi olib boriladi.

Dissertasiya mavzusi va dissertasiyaga ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) talabaning dissertasiya mavzusini tasdiqlash va ilmiy rahbarni tayinlash to’g’risidagi arizasi hamda tegishli kafedra taqdimnomasining fakultet ilmiy kengashi (o’quv-uslubiy kengashi) tomonidan ko’rib chiqilishi natijasiga ko’ra 1-o’quv yilining oktyabr-noyabr oylarida oliy ta’lim muassasasining rektori buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi.

Dissertasiyalarning mavzulari tasdiqlangandan va ilmiy rahbarlar tayinlangandan so’ng 1 oy muddatda ular haqidagi ma’lumot talabalar familiyasi, ismi, otasining ismi hamda dissertasiya mavzulari qisqacha maqsadi va vazifalari ko’rsatilgan holda oliy ta’lim muassasasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Dissertasiyaning hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar ro’yxati va ilovalardan tashqari 80 betdan oshmasligi lozim.

Dissertasiyaning asosiy qismi kamida 3 bobdan iborat bo’lib, bunda tadqiqot masalalari to’liq yoritilishi lozim.

 To’liq Nizom matnini www.lex.uz saytidan yuklab olishingiz mumkin.