OLIY MALAKALI ILMIY VA ILMIY-PEDAGOGIK KADRLAR TAYYORLASH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOGRISIDA

«Barkamol avlod yili» Davlat dasturiga muvofiq hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2010 yilning 10 noyabridan boshlab respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limning yangilangan tizimi joriy etilsin, unda:

aspirantura o’rniga — ta’lim muddati 3 yildan iborat bo’lgan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini;

doktorantura o’rniga — tadqiqot sohasiga qarab ta’lim muddati 2-3 yildan iborat bo’lgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutini tashkil qilish nazarda tutiladi.

2. Quyidagilar:

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi fan va texnologiyalar rivojini muvofiqlashtirish qo’mitasi zimmasiga idoraviy mansubligi hamda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi;

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi zimmasiga oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining davlat akkreditasiyasi bo’yicha funksiyani bajarish vazifasi yuklansin.

3. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ega bo’lgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim tuzilmasini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin, jumladan ta’lim olayotgan aspirantlar va doktorantlarni stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar lavozimlariga o’tkazsin.

4. Belgilab qo’yilsinki, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi va katta ilmiy xodim- izlanuvchi lavozimlariga qabul qilish hamda ularning ta’minoti oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga, vazirliklar, idoralar va muassasalarga har yili mana shu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablag’lari doirasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi va katta ilmiy xodim-izlanuvchi to’g’risidagi nizomda ularning asosiy faoliyati o’zlari tanlagan mavzuni hisobga olgan holda ilmiy izlanishlarni bajarishdan iborat ekanligi belgilab qo’yilsin.

5. 2011 yilning 1 yanvaridan boshlab oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarining stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilari uchun stajyor-tadqiqotchining lavozim okladi bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar uchun esa — fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan katta ilmiy xodimlarning okladiga tenglashtirilgan miqdorlarda lavozim okladlari belgilansin.

6. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011 yilgi va shundan keyingi yillar uchun Davlat byudjetini shakllantirishda mazkur qarorga muvofiq oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini moliyalashtirishga zarur mablag’larni nazarda tutsin.

7. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda, ushbu qaror talablarini inobatga olgan holda, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni tashkil etish bo’yicha yangi normativ hujjatlarni, jumladan Davlat ta’lim standartlari va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limga qo’yiladigan talablarni, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining davlat akkreditasiyasini o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizom va boshqalarni tanqidiy qayta ko’rib chiqsin va tasdiqlasin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.KARIMOV

Toshkent sh.,

2010 yil 2 noyabr,

PQ-1426-son