3-Maruza Mavzu: Ilmiy tadqiqot

3-Ma’ruza
Mavzu: Ilmiy tadqiqot


Reja
1. Asosiy tushunchalar
2. Bilim egallash bosqichlari va konsepsiya

3.1. Asosiy tushunchalar
Ilmiy faoliyat bilan shug’ullanuvchilarning asosiy vazifasi ilmiy-tadqiqotga tegishli barcha tushunchalar tizimini to’la tushunib yetish, tadqiqot ishlarini to’g’ri tashkil etish, ma’lum bir mavzuning mazmun va mohiyatini boshqalarga aniq va ravshan yetkazib berish kabi tadbirlarni o’z ichiga oladi.
Tushuncha deb, muayyan bir narsa yoki hodisaning eng umumiy va muhim xususiyatlari, belgi va qirralarini ifodalovchi so’z yoki so’z birikmasiga aytiladi.
Tushunchalar narsa va hodisalarni obyektiv xususiyatlari hamda ulardagi qonuniyatlarini to’la aks ettirishi lozim.
Ilmiy faoliyat, hali ma’lum bo’lmagan qonuniyatlarni, ya’ni yangi bilimlarni aniqlab berish bilan bog’liq bo’lganligi uchun, asosiy tushunchalar talqinini "bilim" degan tushunchaga ta’rif berishdan boshladik.
Bilim bir butunlikni tashkil qiluvchi qismlar orasidagi ularning ichki zarurligidan kelib chiqqan bog’liqlikdir. Bu boyuklik narsa va hodisalarning tabiatidan, ya’ni tadrijidan kelib chiqib, bizning ixtiyorimizdan tashqari o’zi mavjud. Shuning uchun ham uni qonuniyat, deb yuritiladi.
Bilim - narsa yoki hodisaning xususiyati, ichki qonuniyatidan kelib chiqib, qoidalar, umumiy ta’rif, tushuncha va atamalar shaklida namoyon bo’ladi.
Narsa va hodisalarning qandaydir xususiyati yoki ularni tashkil qiluvchi qismlar orasidagi zaruriy bog’liqlikni kishi tafakkuri orqali his qilishlik egallashlik - bilish deyiladi.
Bilish jarayoni aqliy safarbarlik orqali tafakkur faoliyati natijasida sodir bo’ladi.
Amaliyot, bu aniq shaxs, jamoa, yoki butun jamiyatning muayyan ehtiyojidan kelib chiqib, tabiiy unsur yoki hodisalarni shu maqsadga bo’ysundirish yo’lida qilinadigan tartibli harakatidir.
Fan - muayyan soha ilmi aniqlagan bilimlarni jamlab, ularni saralab, ma’lum bir tizimga solib turib, boshqalarga o’rgatadigan faoliyat turidir.
Jamiyatning cheksiz ehtiyojlaridan biri bilimga bo’lgan ehtiyojdir. Buning sababi quyidagilardan iborat.
Birinchidan, sog’lom miyaning tabiiy holati tinmay bilim olib turish ehtiyojida bo’ladi. Bilim inson ongi va ruxining ozuqa manbaidir.
Ikkinchidan, har qanday inson o’zini va bolacha-qasini tinchligi va xotirjamligini o’ylaydi. Bu tinchlik va xotirjamlikni faqat bilim bera oladi. Narsa va hodisalar sirini biluvchi odam doim xotirjam bo’ladi. Behudaga xavotirlanish va ruh notinchligi faqat kishining gunohlaridan yoki bilimsizligidan bo’lishi mumkin. Chunki Tangrining bizga bergan eng oliy ne’matlaridan biri bilish qobiliyatidir. U ne’matdan foydalanmay umrini jaholatda o’tkazish gunoh hisoblanadi.
Uchinchidan, faqat bilimli insongina ruhan tetik bo’lib, iymoni mustaxkam bo’ladi. Iymoni mustahkam odam baxtli hisoblanadi. Baxtga hamma intiladi.
Bilim - hikmat, ilmi toliblarga bilim berish bilan borliq faoliyat turiga ma’rifat deyiladi.

3.2. Bilim egallash bosqichlari va konsepsiya
Kishi bilim egallash jarayonida bir qator tashkil masalalarni yechadi, ong va ruxida ma’lum bir o’zgarishlar sodir bo’ladi. Bu jarayonni guruhlarga ajratganimizd quyidagi bosqichlarni ko’ramiz:
Birinchi - sunna yoki ibrat bosqichida bilim egallash jarayoni insonning tashqi sezgi a’zolari va tafakkur: orqali his etib bilgan narsa va hodisalarning ma xususiyatlari va qonuniyatlariga taqlid qilish orqali keladi. Bu jarayon insoniyatga ma’lum bo’lgan buyumlarni asosan eslab qolish va mexanik ravishda bajarish, ya’ni taqlid qilish orqali amalga oshadi. Bu bosqichda egallangan bilim "asotir bilim" deyiladi, ajdodlarimiz bunday bilimni "ilmul yaqin" deb ataganlar. Bu bosqich asosan kishining yoshlik va o’smirlik davriga mansubdir.
Ikkinchi - ma’rifat bosqichida insonning mantiqiy tafakkuri ishga tushib, egallangan asotir bilimlar asosida yangi qonuniyatlar, ya’ni yangi aloqadorliklar aniqlanadi. Bunda inson tafakkuri bilan birgalikda tasavvuri faol qatnashib, kishida bilim berish ehtiyoji paydo bo’ladi va bilishning ilmiy usullari ishga tushadi. Bu yo’l bilan topilgan bilimlar "ilmiy bilim" deyiladi. Qadimgi allomalar bunday bilimlarni "aynul yaqin" deb nomlaganlar. Bu bilish bosqichi odamlarni voyaga yetgan davriga to’g’ri keladi.
Uchinchi bosqich - urfon va tasavvuf bosqichi bo’lib, unda, bilim topish uchun, ruh safarbar etiladi. Ya’ni ichki hissiyotni ishga solib, muroqaba va ilhom usullari orqali bilim egallanadi. Bunday bilimlarni "botiniy bilim" deyiladi. Allomalar uni "haqqul yaqin" deyishgan. Bunday bilish bosqichini kishi voyaga yetganda ya’ni yetuklik yoshida egallashi mumkin.
To’rtinchi - majoz, amaliyot bosqichidir. Bunda sunna, ma’rifat hamda urfon bosqichlarini har biri orqali olingan bilimlarni amalda joriy qilinishi ko’rsatiladi.
Bu bosqichlarning har birida o’ziga xos bilim egallash va amaliy harakatlarning usul va uslublari mavjud.
Bilim egallashning bunday tabiiy va samarali bosqichiga amal qilinmasligi natijasida chala, goho esa soxta bilimlar ko’payib ketishiga va dunyoni bir yoqlama, ba’zida noto’g’ri tushunishga olib keladi.
Yuqorida bilim egallashning tashkiliy nuqtai nazaridan bosqichlarga bo’linib chiqildi. Endi ularni inson ongi va ruhiyatida sodir bo’ladigan o’zgarishlar nuqtai nazaridan o’rganishga harakat qilamiz.
Inson maqsad sari qiladigan harakatini, shu jumladan ilmiy-tadqiqotni mulohaza yuritishdan boshlaydi. Ya’ni ehtiyojni maqsadga aylantirish to’g’risvda o’ylaydi. To’g’ri, ularning ko’pi niyat, ya’ni ehtiyoj bosqichda qolib ketadi. Ammo ba’zi bir ehtiyojlar odam ruhida o’zini kuchli namoyon qilaverishi natijasida kishi bu ehtiyojni qondirish yoki qovdirmaslik ustida o’ylab qoladi. Keyin bu ehtiyojni qondirish yoki uni qondirish shart emasligi to’g’risida bir fikrga keladi. Qondirishga qaror qilinsa, demak, ehtiyoj maqsadga aylanadi. qondirmaslikka qaror qilinsa, ehtiyoj ehtiyojligacha qolib ketaveradi.
Ilmiy faoliyatdagi mulohaza bosqichi deb inson ruhida paydo bo’ladigan tabiiy va ijtimoiy ehtiyojlarni qondirilishi yoki qondirilmasligi to’g’risida hukm chiqarib, ehtiyojni maqsadga aylantirib beradigan tafakkurning faoliyat turiga aytiladi.
Ehtiyoj maqsadga aylanganidan keyin kishi bu maqsadga yetishish yo’lini izlaydi va o’z tasavvuri yordamida bu yo’lning ijro etish rejasini tuzadi.
Narsa yoki hodisaga yetishish bo’yicha inson tomonidan maqsad qilib qo’yilgan, ammo ilmiy asoslanmagan bo’lsada, mantiqan bog’liq tadbirlar majmuiga taxmin (gepoteza) deyiladi.
Maqsadga yetishish taxmini mavjud qonuniyatlarda asoslab berilgan bosqichini konsepsiya yoki ilmiy asoslangan taxmin deyiladi.
Taxmin o’z bosqichda qolib ketishi ham mumkin. Shunday holatlar bo’lishi mumkin: taxminning ba’zi o’rinlari tasdiq topib, ba’zi o’rinlari inkor qilinib, so’ngra maromiga yetkaziladi.

Sinov savollar

1. Ilmiy tadqiqot mavzui nima va u qanday tanlanadi?
2. Gipotezalar haqida nimalarni bilasiz?
3. Bilim egallash bosqichlari haqida shaxsiy fikringiz?