Ixtisoslashgan kengash qoshidagi ilmiy seminar faoliyatini tashkil etish TARTIBI

O’zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oliy attestasiya komissiyasi
Rayosatining 2008 yil 27 noyabrdagi
149/6-son qarori bilan
T A S D I Q L A N G A N


Ixtisoslashgan kengash qoshidagi
ilmiy seminar faoliyatini tashkil etish
TARTIBI


Umumiy qoidalar

1.Ixtisoslashgan kengash qoshidagi ilmiy seminar (matn davomida – seminar) faoliyatini tashkil etish Tartibi OAKning «Ixtisoslashgan kengash haqida Nizom»i va «Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom»i asosida ishlab chiqilgan.
2.Mazkur Tartib ixtisoslashgan kengash qoshidagi seminarni tashkil qilish, uning faoliyatini tartibga solish, huquqi va mas’uliyatlarini belgilaydi.
3.Seminar o’z faoliyatini ushbu Tartib, «Ixtisoslashgan kengash haqida Nizom», «Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom» va boshqa tegishli me’yoriy hujjatlarga asosan amalga oshiradi. Seminar ixtisoslashgan kengash va OAK ekspert kengashi nazorati ostida faoliyat ko’rsatadi.
 

Seminarning vazifalari

4.Seminarning vazifalari quyidagilardan iborat:
-dissertasiya ishlariga OAK Nizomlari va dissertasiya ishlarini baholash mezonlari asosida xolisona xulosa berish va kengashga dissertasiyani himoyaga qabul qilish yuzasidan asosli tavsiyalar berish;
-tegishli me’yoriy hujjatlar talablari asosida tadqiqotchilar tomonidan me’yoriy talablarning bajarilganligini baholash;
-tegishli hujjatlarning mavjud me’yoriy-texnik talablar asosida rasmiylashtirilganligiga xulosa berish.
 

Seminar tarkibi va faoliyatini tashkil etish

5.Seminarning raisi, rais o’rinbosari va ilmiy kotibi bilan birga kamida 15 kishidan iborat bo’lgan tarkibi OAK bilan kelishilgan holda, ixtisoslashgan kengash tomonidan ikki yil muddatga tasdiqlanadi. Uning tarkibiga ixtisoslashgan kengash a’zolari, OAK ekspert kengashlari a’zolari, shu muassasada va boshqa muassasalarda faoliyat ko’rsatayotgan olim-mutaxassislar kiritiladi. Ixtisoslashgan kengash qoshidagi seminar tegishli kafedra, laboratoriya va bo’lim seminari yoki birlashgan seminar, muammoviy kengash asosida ham tashkil etilishi mumkin.
6.Seminar ishi majlis shaklida tashkil etiladi. Seminar yilning iyul-avgust oylarida faoliyat ko’rsatmaydi. Seminar majlisida uning a’zosi bo’lmagan mutaxassislar ham qatnashishlari mumkin.
7.Seminar majlisi uning tarkibidagi a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashgandagina vakolatli hisoblanadi.
 

Dissertasiya ishini seminarda ko’rib chiqish

8.Seminar raisi (o’rinbosari) dissertasiya ishini ixtisoslashgan kengash raisi (o’rinbosari)ning yo’llanmasi asosida ixtisoslashgan kengash ilmiy kotibidan qabul qilib oladi.
9.Ixtisoslashgan kengash raisiga tadqiqotchi dissertasiyani dastlabki ko’rib chiqishga qabul qilish yuzasidan yozma ravishda ariza bergan kundan boshlab 3 ish kuni ichida uning dissertasiyasi va avtoreferati tegishli nusxada ixtisoslashgan kengash ilmiy kotibi tomonidan seminar raisiga rasmiy ravishda taqdim etiladi.
10.Dissertasiya seminarga kelib tushgan kunning o’zida seminar raisining topshirig’i bilan seminar ilmiy kotibi tomonidan ro’yxatga olinadi. Besh ish kuni ichida seminar raisi tomonidan dissertasiya ishi bo’yicha seminar a’zolaridan yoki boshqa mutaxassis-olimlardan ikki nafar taqrizchi tayinlanadi. So’ngra, dissertasiya besh ish kuni ichida seminar ilmiy kotibi tomonidan taqrizchilarga yetkaziladi.
11.Taqrizchi OAK Nizomlari va tegishli me’yoriy hujjatlari talablari asosida dissertasiya bilan tanishib chiqib, bir oygacha bo’lgan muddatda asosli taqrizni seminar ilmiy kotibiga taqdim etadi.
12.Seminar majlisining kun tartibi seminar a’zolariga majlisdan kamida 5 ish kunidan oldin seminar ilmiy kotibi tomonidan tarqatiladi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.
13.Seminar majlisi rais, u yo’qligida esa rais o’rinbosari rahbarligida o’tkaziladi.
Seminar ilmiy kotibi yo’qligida, uning vazifasini bajarish seminar raisi tomonidan seminar a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Bir vaqtning o’zida rais, rais o’rinbosari va ilmiy kotib xam bo’lmasa, seminar majlisi o’tkazilmaydi.
14.Dissertasiya muhokamasini o’tkazish va seminarning imzolangan bayonnomasini tadqiqotchiga topshirish ishlari dissertasiya ro’yxatdan o’tkazilgan vaqtdan boshlab ikki oygacha bo’lgan muddatda amalga oshirilishi shart.
15.Seminar faoliyatida quyidagi xujjatlar mavjud bo’lishi shart:
-kelgan va chiqqan dissertasiya ishlarini va boshqa hujjatlarni ro’yxatga olish kitobi;
-ixtisoslashgan kengashning dissertasiyani seminarda muhokamadan o’tkazish yuzasidan yo’llanma xatlari jildi;
-seminar majlislarining bayonnomalari, taqrizlar va boshqa hujjatlar jildi.
16.Seminar raisi yil oxirida seminar faoliyati haqidagi hisobotni ixtisoslashgan kengash raisiga taqdim etadi. Hisobot umumiy ko’rinishda yozilib, unda seminarga topshirilgan va ko’rib chiqilgan ishlar yuzasidan aniq ma’lumotlar keltirilishi kerak. Ixtisoslashgan kengash zaruriyatga qarab, seminar xisobotini o’z majlisida muxokama qiladi. Ixtisoslashgan kengash o’zining yillik xisoboti bilan birga seminar hisobotini OAKga topshiradi.
 

Seminar majlisini o’tkazish

17.Seminarga raislik qiluvchi majlisni ochish paytida qayd etish varaqasi asosida seminar a’zolarini majlisning vakolatliligi haqida xabardor qiladi, tadqiqotchining ismi-sharifi va dissertasiya nomini ma’lum qiladi.
Seminar ilmiy kotibi tadqiqotchi haqida qisqacha axborot beradi.
Dissertasiyaning mazmuni bilan tanishtirish uchun so’z tadqiqotchiga beriladi. Ma’ruza uchun doktorlik dissertasiyasi bo’yicha 40 daqiqagacha va nomzodlik dissertasiyasi bo’yicha 20 daqiqagacha vaqt beriladi.
Ma’ruza tugagach, savol-javoblardan so’ng, so’z taqrizchilarga beriladi. Dissertasiya muhokamasida taqrizchilar qatnashishlari shart. Obyektiv sabablar bilan bitta taqrizchi kela olmasa, uning taqrizi bilan seminar a’zolarini seminar ilmiy kotibi tanishtiradi.
Taqrizchilardan so’ng, ularga javob qaytarish uchun so’z tadqiqotchiga beriladi.
Dissertasiya ishi bo’yicha muhokamada barcha seminar a’zolari va majlisga taklif etilganlar qatnashishlari mumkin.
Seminar raisi mazkur dissertasiya bo’yicha tushgan takliflarni navbatiga qarab ochiq ovozga qo’yadi.
18.Seminar majlisi qarori majlisda qatnashayotgan seminar a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bersa qabul qilinadi. Seminar qarorlari ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovoz berish natijalari seminar bayonnomasida ko’rsatilishi shart.

Seminar bayonnomasini rasmiylashtirish

19.Seminar majlisining bayonnomasi 4 nusxada tayyorlanadi, hamma nusxalar seminar raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi hamda ixtisoslashgan kengash faoliyat ko’rsatib turgan tashkilotning gerbli muxri bilan imzolar muxrlanadi. Seminar bayonnomasi nusxalariga majlisda qatnashgan a’zolari va taklif etilgan shaxslarning qayd varaqasi nusxasi ilova qilinadi.
Seminar majlisi bayonnomasida dissertasiya himoyasini o’tkazish uchun asos bo’lgan ixtisoslikka uning muvofiqligi, dissertasiyaning ilmiy saviyasi, uning ilmiy va amaliy qimmati, olingan natijalarning asoslanganligi, nashr ishlarida dissertasiya natijalari qanchalik to’liq bayon etilgani, ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi, ilmiy darajalar talabgorlariga qo’yiladigan talablarning bajarilishi, dissertasiya va avtoreferatni rasmiylashtirish qoidalari qanchalik bajarilganligiga xulosa beriladi hamda ixtisoslashgan kengashga dissertasiyani himoyaga qabul qilish, rasmiy opponentlar va yetakchi tashkilotni tayinlash bo’yicha tavsiya aks ettiriladi.
20.Seminar raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolangan seminar bayonnomasining bir nusxasi majlis o’tgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida tadqiqotchiga berilishi shart.
21.Tadqiqotchi seminar bayonomasini olganligi to’g’risida ro’yxatga olish kitobida imzo qo’yadi.

Seminar hujjatlarini ixtisoslashgan kengashga
taqdim etish va ko’rib chiqish

22.Seminar bayonnomasining ikki nusxasini ixtisoslashgan kengash raisiga seminar raisi yoki ilmiy kotibi taqdim etadi. OAK Nizomlarida ko’rsatilgan boshqa seminarlarda dissertasiyani muxokamadan o’tkazish tadqiqotchining o’z xoxishi bilan amalga oshiriladi.
23.Ixtisoslashgan kengash raisi seminarning ijobiy xulosasi hamda dissertasiya ishi bajarilgan muassasa huzuridagi ilmiy seminar, shuningdek, tadqiqotchi o’z hohishi bilan ishni muhokamadan o’tkazgan (o’tkazgan bo’lsa) ilmiy seminar (seminarlar) ijobiy xulosalari asosida OAK Nizomlariga muvofiq dissertasiya bilan tanishib chiqish va xulosa tayyorlash uchun tegishli hujjatlarni ixtisoslashgan kengash a’zolarining dissertasiya ixtisosligi bo’yicha mutaxassis bo’lgan a’zolaridan tuzilgan ekspert komissiyasiga topshiradi. Ekspert komissiyasiga seminar a’zosi bo’lgan ixtisoslashgan kengash a’zolari ham kiritilishi mumkin.
24.Dissertasiya bo’yicha seminarning xulosasi salbiy bo’lgan taqdirda ixtisoslashgan kengash salbiy qaror qanchalik asosli ekanligini ekspert komissiyasida ko’rib chiqadi. Salbiy qaror asosli deb topilgan xolda ixtisoslashgan kengash dissertasiyani ko’rib chiqishni to’xtatadi va tadqiqotchiga ushbu haqida yozma ravishda ma’lumot beradi. Ushbu ma’lumotni olganligi haqida tadqiqotchi ro’yxatga olish kitobiga imzo qo’yadi. Tadqiqotchi seminarning salbiy xulosasi bilan himoya qilishni hohlagan taqdirda, dissertasiyani himoyaga qabul qilish masalasi ixtisoslashgan kengashda ovozga qo’yiladi. Ixtisoslashgan kengash majlisida qatnashayotgan uning a’zolarining ko’pchiligi dissertasiyani himoyaga qabul qilishga qarshi ovoz bergan taqdirda dissertasiya himoyaga qabul qilinmaydi.
 

Seminarning huquq va mas’uliyatlari

25.Seminar raisi va ilmiy kotibi quyidagi huquqlarga ega:
-dissertasiya va dissertasiya avtoreferati to’liq shakllantirilmagan va talab darajasida rasmiylashtirilmagan hollarda ishni qabul qilmaslik va uch ish kuni ichida ixtisoslashgan kengash ilmiy kotibiga qaytarib yuborish;
-seminar a’zosi bo’lmagan mutaxassislarni, jumladan, boshqa tashkilotlarda ishlaydigan mutaxassislarni seminar majlislariga taklif etish, shuningdek, taqrizchi sifatida jalb etish.
26.Seminar raxbariyati quyidagilarga mas’uldir:
-o’z faoliyatida ushbu Tartibga va tegishli me’yoriy hujjatlarga qat’iyan rioya qilish;
-seminar majlislarini belgilangan muddatlarda obyektiv tarzda o’tkazish.
27.Seminar faoliyati ushbu tartib asosida o’tkazilmagan yoki seminarda dissertasiyalarga obyektiv baho berilmagan taqdirda, OAK ixtisoslashgan kengashga seminar faoliyatini to’xtatish va belgilangan tartibda uni qayta tashkil etish to’g’risida taklif beradi.
28.Ixtisoslashgan kengash OAK bilan kelishilgan holda seminarning tarkibiga belgilangan tartibda o’zgartirishlar kiritib borishi mumkin.
29.Ushbu Nizomga o’zgartirishlar kiritish tashkilotlar, ilmiy va ixtisoslashgan kengashlarining takliflari asosida OAK tomonidan amalga oshiriladi.
30.Ixtisoslashgan kengash tomonidan dissertasiya ishlarini himoyaga qabul qilib olish uchun ish bajarilgan tashkilotning va ixtisoslashgan kengash qoshidagi ilmiy seminarning xulosalari yetarli deb hisoblanadi. Dissertasiya ishi bajarilgan tashkilot huzurida ixtisoslashgan kengash va uning seminari faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsa, bu xolda dissertasiya ishi tegishli laboratoriya yoki bo’lim yoki kafedra seminari yoki kafedralararo yoki laboratoriyalararo birlashgan seminarning hamda ixtisoslashgan kengash qoshidagi seminarning hulosalari asosida himoyaga qabul qilinadi.
 

O'zR VM huzuridagi OAK - www.vak.uz