Nomzodlik imtihonlarini otkazish tartibi togrisidagi nizom

 Nomzodlik imtihonlarini o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizom

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2004 yil 18 mayda 2356-raqam bilan
RO’YXATGA OLINDI
                                  
                                         O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi Rayosatining 2004 yil25 martdagi 103/5-son qarori bilan
T A S D I Q L A N G A N
 

 

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi Rayosatining 2010 yil 25 martdagi 163/13-son qarori bilan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi hamda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2010 yil 13 aprelida 1356-1-raqam bilan ro’yxatga olindi.

NOMZODLIK IMTIHONLARINI O’TKAZISH
TARTIBI TO’G’RISIDAGI NIZOM

Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 sentyabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi to’g’risida Nizom” hamda “Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom”ga asosan ishlab chiqilgan.
1. Nomzodlik imtihonlari ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestasiyadan o’tkazishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik imtihonlari topshirilgan bo’lishi shart.
2. O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari «Falsafa, milliy istiqlol g’oyasi va fan metodologiyasi», «Chet tili», «Informasion texnologiyalar asoslari» hamda dissertasiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan o’tkaziladi. Ushbu imtihonlar yetakchi oliy o’quv yurtlari yoki ilmiy-tadqiqot institutlari ishlab chiqqan ham¬da Oliy attestasiya komissiyasi (bundan keyin – OAK) tomonidan ma’qullangan dasturlar asosida topshiriladi.
Chet el fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari o’zbek yoki rus tili yoxud chet tili, informasion texnologiyalar asoslari va dissertasiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan o’tkaziladi.
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga talabgor O’zbekiston Respublikasi fuqarolari “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” bo’yicha maxsus nomzodlik imtihonini topshirishlari shart.
Ushbu maxsus imtihon OAK tomonidan tasdiqlangan alohida tartib asosida o’tkaziladi.
Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tillarining biridan imtihon topshirilishi mumkin. Dissertasiya ishini bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda OAK bilan kelishilgan holda nomzodlik imtihoni ana shu tildan topshirilishi mumkin.
3. Himoya qiluvchining oliy ma’lumoti dissertasiya tayyorlangan fan tarmog’i ixtisosiga muvofiq bo’lmasa, ushbu fan tarmog’iga tatbiqan umumilmiy fan bo’yicha, ya’ni ushbu fan tarmog’ining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan fan bo’yicha qo’shimcha nomzodlik imtihoni (yoki imtihonlari) topshiriladi.
Himoya qiluvchining oliy ma’lumoti sohasi dissertasiya yoqlanayotgan fan sohasidan tubdan farq qilgan hollarda ixtisoslik bo’yicha topshirilishi kerak bo’lgan nomzodlik imtihonlarini OAK belgilaydi.
Qo’shimcha umumilmiy fanlar bo’yicha imtihonlar muayyan fan tarmog’ida ixtisoslashgan yetakchi oliy o’quv yurtlari uchun O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan dasturlar asosida topshiriladi.
Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qiluvchilar, shuningdek, iqtisodiy nazariya bo’yicha nomzodlik imtihonini topshiradilar.
Pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qiluvchilar «Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi» fanidan ham nomzodlik imtihonini topshiradilar.
4. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi tegishli fan sohalari bo’yicha ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo’lim, laboratoriya) mavjud bo’lgan hamda yetarli ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatga, shuningdek tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo’lgan oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga OAK tomonidan beriladi.
Ixtisoslik fani bo’yicha nomzodlik imtihonlari dissertasiya himoyasi mo’ljallangan ixtisoslashgan kengashlar faoliyat ko’rsatib turgan tashkilotlar huzuridagi nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
5. Ixtisoslik fani bo’yicha imtihon talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasini, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixini, umumiy konsepsiyalari va me¬todologiya masalalarini, manbalarini, shu bilimlar tarmog’ining asosiy nazariy va amaliy muammolarini, mavjud materialni nechog’lik bilishini aniqlab berishi, uning ilmiy adabiyotni, shu jumladan, chet el davriy nashrlarini hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qanchalik egallaganligini ko’rsatib berishi lozim.
Ixtisoslik fani bo’yicha imtihon ikki qismdan: OAK tasdiqlagan namunaviy dastur-minimumdan hamda tegishli kafedra (bo’lim, laboratoriya) ishlab chiqqan va imtihon olinayotgan oliy o’quv yurti (fakultet), ilmiy-tadqiqot muassasasining il¬miy kengashi tasdiqlagan qo’shimcha dastur asosida topshiriladi.
Qo’shimcha dastur mazkur fan tarmog’ining yangi bo’limlarini hamda himoya qiluvchi tadqiqotlarining yo’nalishi bilan bog’liq bo’lgan qismlarni o’z ichiga olishi, shuningdek, ushbu fan tarmog’idagi yutuqlarni va eng yangi adabiyotni hisobga olishi lo¬zim. Ixtisoslik fanidan imtihon dasturining mazkur qismida talabgor tegishli fan tarmog’i rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, o’tkazayotgan tadqiqotlarining o’rni, yangiligi va ahamiyatini ko’rsatishi kerak.
6. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari imtihon qabul qilish huquqi bo’lmagan boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlardan ham mazkur imtihonlarni olishlari shart.
7. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari har bir fan bo’yicha oliy o’quv yurtining yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo’lgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlardan iborat bo’lgan besh - yetti nafar a’zodan, shu jumladan shu fan sohasi bo’yicha fan doktori ilmiy darjasiga ega bo’lgan raisdan iborat bo’ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a’zolaridan kamida bir nafari fan doktori bo’lishi lozim.
Chet tili bo’yicha nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o’qituvchilari (shundan kamida bir nafari ilmiy darajaga ega bo’lishi kerak) hamda talabgorning ixtisosligi bo’yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo’lgan va tegishli chet tilida bemalol gaplasha oladigan kamida besh nafar a’zodan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil mud¬datga tuziladi.
Talabgorlar ro’yxati buyruq bilan rasmiylashtirilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi. Buyruqda nomzodlik imtihonini o’tkazish joyi va vaqti aniq ko’rsatilishi kerak.
Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari, uning a’zolarining kamida to’rt nafari, shu jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo’lsa, imtihon olishga haqli.
Nomzodlik imtihonlarida imtihon o’tkazilayotgan muassasaning tegishli ixtisoslashgan kengashi a’zolari, muassasa direktori (rektor), direktor o’rinbosari (prorektor), OAKning, muassasa bo’ysunuvchi vazirlik yoki idoraning vakillari qatnashishi mumkin.
8. Nomzodlik imtihonlari sessiyalar shaklida yiliga uch marta: fevral, may va noyabr oylarida uyushqoqlik bilan qabul qilinadi.
9. Imtihon qabul qiladigan muassasa nomzodlik imtihoni qabul qilinishidan besh kun oldin talabgorlar ro’yxatini, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlarni (7.1-shakl) kuzatuv xati bilan birga OAKga yuborishi zarur.
OAKni xabardor qilmasdan nomzodlik imtihonlarini olish man etiladi.
OAK nomzodlik imtihonlarida qatnashish va uni nazorat qilish uchun o’z vakillarini yuborishi mumkin. Nomzodlik imtihonlari noxolis o’tkazilgan taqdirda OAK imtihon natijalarini bekor qiladi.
Nomzodlik imtihonlarini ekstern tarzida sessiya paytida topshirish masalasi nomzodlik imtihonini qabul qiluvchi muassasa tomonidan hal etiladi.
10. Nomzodlik imtihonlari bilet bo’yicha o’tkaziladi. Talabgor javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihondan keyin bir yil davomida saqlab turiladi.
Talabgor bilet bo’yicha savollarga imtihon komissiyasi a’zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a’zolari talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo’yicha qo’shimcha savollar berishga haqlidirlar. Imtihon natijalari bo’yicha komissiya a’zolarining har biri o’z baxosini komissiya raisiga ma’lum qiladi. Komissiya raisi umumiy bahoni o’rta arifmetik ravishda chiqaradi.
11. Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi. Bunda baholash "a’lo" (86 – 100), "yaxshi" (71 – 85), "qoniqarli" (55 – 70) va "qoniqarsiz" (0 – 54) ko’rinishida bo’ladi.
Ixtisoslik fani bo’yicha nomzodlik imtihoni topshirayotganda talabgor dastur-minimum doirasida mustahkam, chuqur bilimlarini namoyish etgan taqdirdagina ijobiy baho qo’yiladi.
Ixtisoslashgan kengashlarga nomzodlik imtihonlaridan faqat “a’lo” (86 - 100) va “yaxshi” (71 - 85) baho qo’yilgan talabgorlarning dissertasiya ishlarini himoyaga qabul qilish tavsiya etiladi.
12. Har bir talabgor uchun nomzodlik imtihoni bayonnomasi to’ldirilib, unda talabgorga berilgan imtihon savollari yoziladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasini imtihonda qatnashgan komissiya a’zolari imzolaydi, ularning ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro’yxatiga muvofiq ixtisosligi ko’rsatiladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanganidan keyin nom¬zodlik imtihonlari topshirilgan joyda saqlanadi.
13. Har bir nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqida guvohnoma (3.2-shakl) beriladi. Talabgorning dissertasiya ishi bajarilgan yoki dissertasiya himoyasi o’tkaziladigan muassasada oldingi imtihonlarning topshirilganligi haqidagi guvohnomalar yagona guvohnoma bilan almashtiriladi.
Nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqidagi guvohnoma besh yil davomida o’z kuchini yo’qotmaydi.
14. Agar talabgor uzrli sabab bilan imtihonga kelmasa, muassasa rahbari ruxsati bilan o’rnatilgan tartibda OAKni xabardor qilib, joriy sessiya davomida imtihon topshirishga qo’yilishi mumkin.
Bir sessiya davomida nomzodlik imtihonini takroran topshirishga yo’l qo’yilmaydi.
Talabgor nomzodlik imtihonini qabul qilish komissiyasining qarori ustidan joriy sessiya davomida muassasa rahbariga shikoyat yozish huquqiga ega. Muassasa rahbarining qarori uzil-kesil hisoblanadi.
15. Oliy o’quv yurtlari rektorlariga, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlariga hamda ularning o’rinbosarlariga (prorektorlariga) o’z asosiy ish joylarida nomzodlik imtihonlarini topshirishlariga ruxsat berilmaydi.
16. Ushbu Nizomda nomzodlik imtihonlari oldiga qo’yilgan talablarga rioya qilinishi uchun imtihon o’tkazayotgan muassasa rahbari ma’suldir.
17. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi ishini OAK hamda imtihon o’tkazayotgan muassasaning ma’muriyati nazorat qilib boradi.
18. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan muassasalar imtihonlarning natijalari to’g’risida yiliga bir marta dekabr oyida OAKga ma’lumot berishlari shart.


O'zR VM huzuridagi OAK - www.vak.uz