7-. SHIKOYAT ARIZASINI KORIB CHIQISH BOYICHA KENGASH MAJLISINI OTKAZISH

43. Kengash raisi kengash qarori xususida shikoyat arizasi tushganda uning a’zolaridan iborat komissiyaga zarur materiallarni o’rganib chiqishni hamda shikoyat arizasi yuzasidan kengash qarori loyihasini tayyorlashni topshiradi. Agar shikoyat arizasi ilmiy daraja berish masalasi yuzasidan kengashning ijobiy qarori xususida berilgan bo’lsa, kengash raisi bir hafta ichida bu haqda OAKni xabardor qiladi.
Shikoyat arizasi kengashda bir oy muddat mobaynida ko’rib chiqilishi, zarur hollarda rejadan tashqari majlis o’tkazilishi lozim.
Shikoyat arizasining muallifi (mualliflari), himoya qiluvchi hamda qo’yilgan masalalarning mohiyatiga, kengash fikricha, bevosita aloqador bo’lgan boshqa shaxslar majlisdan kamida 10 kun oldin xabardor qilinib, kengash majlisiga taklif etiladilar. Shikoyat arizasining muallifi uzrli sabab bilan kelolmasa, kengash majlisi boshqa vaqtga ko’chiriladi. Shikoyat arizasining muallifi uzrli sababsiz kengash majlisiga kelmagan hollarda uning ishtirokisiz majlis o’tkazilaveradi.
Kengash a’zolarining (ixtisosliklari ko’rsatilgan tarzda) majlisda hozir bo’lganliklari majlis stenogrammasida aks ettirilishi kerak.
44. Kengash raisi majlisni ochish vaqtida kengash a’zolariga majlisning vakolatliligini ma’lum qiladi ("Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom"ning 45-bandi).
Kengash raisi majlis ochilgandan keyin tushgan shikoyat arizasi ko’rib chiqilishini e’lon qiladi va uni o’qib eshittirish uchun ilmiy kotibga so’z beradi. So’ngra komissiya a’zosi uning ishi natijalarini hamda shikoyat arizasi yuzasidan kengash xulosasining loyihasini o’qib eshittiradi.
Shundan keyin kengash majlisida qatnashayotganlarning hammasi chiqib so’zlashga haqlidirlar.
45. Muhokama tugagandan keyin kengash ochiq ovoz berish asosida majlisda qatnashayotgan hal qiluvchi ovozga ega kengash a’zolarining oddiy ko’pchilik ovozi bilan shikoyat arizasi yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Kengash raisi va ilmiy kotibi imzolagan stenogramma hamda shikoyat arizasi yuzasidan ovoz berish natijalari keltirilgan xulosa matni ko’rib chiqilgan shikoyat arizasi bilan birga majlisdan keyin 10 kun mobaynida OAKga yuboriladi.
46. Ushbu Nizom bo’yicha barcha tushuntirishlar OAK Rayosati tomonidan belgilangan tartibda beriladi.
 

Bosh sahifaga