3-. DISSERTASIYA HIMOYA QILISHDA KENGASH MAJLISINI OTKAZISH

16. Dissertasiya himoyasida kengash majlisi rais, u yo’qligida esa rais o’rinbosari rahbarligida o’tkaziladi.
Kengash raisi (rais o’rinbosari), ilmiy kotibi o’zi ilmiy rahbar yoki maslahatchi bo’lgan himoya qiluvchining dissertasiyasi ko’rib chiqilayotgan kengash majlisida raislik, ilmiy kotiblik vazifasini bajarishi mumkin emas. Agar kengash raisi va uning o’rinbosari majlisda raislik qila olmasalar, kengash a’zosi - kengash ishlab turgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasa shtatidagi xodim shu majlis uchun kengash raisi etib tayinlanadi. Uning tayinlanishi shu oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasa rahbarining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi.
Kengashning ilmiy kotibi yo’qligida yoki boshqa sababga ko’ra, uning vazifasini bajarish oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasa rahbarining buyrug’i bilan muddatlari (ikki oydan oshmasligi kerak) ko’rsatilib, kengash a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Bir vaqtning o’zida rais ham, rais o’rinbosari ham, ilmiy kotib ham bo’lmasa, kengash majlisi o’tkazilmaydi.
17. Kengash majlisini ochish oldidan "Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom"ga muvofiq ilgari tuzilgan komissiya xulosasining loyihalari kengash a’zolariga tarqatiladi.
Rais kengash majlisini ochish vaqtida qayd varaqasi (4.4-shakl) asosida kengash a’zolarini majlisning vakolatliligi haqida xabardor qiladi. Kengash a’zolarining majlisda bevosita qatnashayotganligi (ularning ixtisosligi va ilmiy darajalari ko’rsatilgan holda) majlis stenogrammasida qayd etilishi lozim.
Kengash majlisi ochilgandan keyin rais dissertasiya himoyasi o’tkazilishini aytib, dissertasiya nomini, rasmiy opponentlarning familiyalarini va yetakchi tashkilot nomini ma’lum qiladi. Shundan keyin ilmiy kotibga so’z beriladi, u himoya qiluvchi topshirgan hujjatlarning asosiy mazmuni va ularning belgilangan talablarga nechog’lik muvofiqligi haqida ma’lumot beradi.
18. Himoya qiluvchi dissertasiyaning mohiyatini va asosiy jihatlarini bayon etadi, og’zaki va yozma savollarga javob beradi. So’ng ilmiy rahbar yoki maslahatchiga so’z beriladi, keyin dissertasiya ishi bajarilgan yoki himoya qiluvchi biriktirilgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasaning xulosasi, yetakchi muassasaning taqrizi, dissertasiya va avtoreferat xususida kengashga kelgan boshqa taqrizlar o’qib eshittiriladi.
Dissertasiya va avtoreferat to’g’risida ijobiy taqrizlar ko’p bo’lsa, ilmiy kotib, kengash a’zolarining roziligi bilan, ularni o’qib berish o’rniga qayd etilgan fikrlarni qisqacha bayon qiladi. Salbiy taqrizlar to’liq o’qib eshittiriladi.
19. Taqrizlar o’qib bo’lingach, ularga javob qaytarish uchun himoya qiluvchiga so’z beriladi.
20. Shundan keyin rasmiy opponentlar so’zlaydi. Ulardan har birining nutqidan so’ng himoya qiluvchi javob berish uchun so’z oladi.
Dissertasiyaga oid ilmiy munozarada majlisda hozir bo’lganlarning barchasi qatnashish huquqiga ega.
Munozara tugagach, himoya qiluvchiga yakunlovchi so’z beriladi.
21. Himoya qiluvchining yakunlovchi so’zidan keyin kengash ushbu Nizomning 4-§ ida belgilab qo’yilgan tartibga muvofiq ilmiy daraja berish masalasi bo’yicha yashirin ovoz berishga kirishadi. Ovoz berish byulleten (4.5-shakl) asosida o’tkaziladi. Majlisda qatnashgan va hal qiluvchi ovozga ega bo’lgan kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bersa, kengash ilmiy daraja berish masalasi yuzasidan ijobiy qaror chiqaradi.
22. Hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangandan keyin kengash xulosasining loyihasi muhokama qilinadi. Ilmiy daraja berish masalasida ijobiy qarorga kelinsa, himoya qiluvchi shaxsan erishgan eng muhim ilmiy natijalar, ularning to’g’riligi va yangiligiga berilgan baho, nazariyot va amaliyot uchun ahamiyati, dissertasiya tadqiqotining natijalaridan foydalanish yuzasidan tavsiyalar xulosa loyihasida aks ettiriladi hamda dissertasiya "Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom"ning 8- va 9-bandlaridan qay birining talabiga mosligi ko’rsatiladi. Ilmiy daraja berish masalasida salbiy qarorga kelingan taqdirda xulosa qabul qilinmaydi.
Dissertasiya ishining natijalarini amaliyotga (fan, texnika, sog’liqni saqlash, iqtisodiyot, ijtimoiy-gumanitar va xalq xo’jaligining boshqa sohalariga) tadbiqi yuzasidan ilmiy daraja talabgori tomonidan maxsus ishlab chiqilgan tavsiyalar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
Imkoniyat bo’lganda, ushbu tavsiyalarning qaysi vazirlik, idora va muassasalarda qo’llanilishi ko’rsatiladi.
Dissertasiya natijalarining tasnifiy belgilari ko’rsatilgan (4.7a- va 4.7b-shakl) xulosa matni ochiq ovoz berish asosida majlisda qatnashgan kengash a’zolarining ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Shu bilan kengash majlisi nihoyasiga yetadi.
23. Himoya qiluvchi o’zi topshirgan yozma arizasiga muvofiq himoya davomida yashirin ovoz berish boshlangunga qadar dissertasiyani muhokamadan olish huquqiga ega.
Himoya qiluvchi o’z dissertasiyasini muhokama qilmaslikni so’rab kengashga yozma ariza topshirgan taqdirda, kengash raisi himoya qiluvchiga u topshirgan hujjatlarni qaytarishga ko’rsatma beradi; uning arizasi hamda dissertasiya bilan avtoreferatning bittadan nusxasi kengashda qoldiriladi. Dissertasiyani himoya qilish paytida tayyorlangan hujjatlar kengashda qoldiriladi va ular himoya qayta o’tadigan joyga talabnoma asosida yuborilishi mumkin.
Kengash himoya qiluvchining o’zga materiallardan muallifi va manbaini ko’rsatmasdan foydalanganligi aniqlasa, ochiq ovoz berish natijasida ko’pchilik ovoz bilan uni takror himoya qilish huquqidan mahrum etgan holda dissertasiyani muhokamadan olib tashlash haqida qarorga keladi. Bunday hollarda himoya qiluvchining dissertasiyasini muhokamadan olish haqidagi arizasi qabul etilmaydi. Kengash qarori OAKga dissertasiya avtoreferati va majlis stenogrammasi bilan birga yuboriladi.
24. Kengash doktorlik yoki nomzodlik dissertasiyasining birinchi hamda ikkinchi nusxasini va himoya qiluvchining attestasiyasiga oid hujjatlarni (4.1-shakl), shuningdek, dissertasiya, avtoreferat, attestasiya hujjatlarining elektron versiyasini himoyadan keyin bir oy muddat ichida OAKga yuboradi.
 

Bosh sahifaga