2-. KENGASHDA DISSERTASIYANI DASTLABKI KORIB CHIQISH

12. Dissertasiya ilmiy seminarlarda, kafedra, bo’lim, laboratoriya majlislarida, ilmiy-texnik kengashlarda dastlabki ekspertizadan, muhokamadan o’tgandan so’ng, kengash belgilangan ro’yxatdagi (3.1-shakl) hujjatlar mukammal bo’lganda dissertasiyani dastlabki ko’rib chiqishga qabul qilib oladi va kengash a’zolarining orasidan dissertasiya ixtisosligi bo’yicha mutaxassislardan tuzilgan ekspert komissiyasiga dissertasiya bilan tanishib chiqish va dissertasiya himoyasini o’tkazish uchun asos bo’lgan ixtisosliklarga uning nechog’lik muvofiqligi, muallif e’lon qilgan ishlarda dissertasiya materiallari qanchalik to’liq bayon etilgani haqida kengashga xulosa berishni, shuningdek, ko’rib chiqilayotgan mazkur dissertasiya bo’yicha yetakchi muassasa, rasmiy opponentlar tayinlashni, zarur hollarda esa kengash tarkibiga qo’shimcha a’zolar kiritish haqida takliflar berishni topshiradi.
Kengash dissertasiyani himoyaga qabul qilib olish haqida qaror qilsa, ushbu komissiya dissertasiya bo’yicha kengash xulosasining loyihasini taklif etadi, shuningdek, mavjud guruhlardan (4.7a- va 4.7b-shakllari) tasnifiy belgilarni tanlaydi.
Kengash dissertasiyani himoyaga qabul qilish haqidagi qaroridan so’ng yetakchi muassasani, rasmiy opponentlarni tasdiqlaydi va o’rnatilgan tartibda ushbu himoya haqida «OAK Byulleteni» jurnaliga e’lon beradi.
Kengashda dissertasiyani dastlabki ko’rib chiqish muddati himoya qiluvchi hujjat (3.1-shakl) topshirgan kundan boshlab nomzodlik dissertasiyasi uchun ikki oydan va doktorlik dissertasiyasi uchun uch oydan oshmasligi kerak.
Yetakchi tashkilotlar ro’yxatini va dissertasiya dastlabki ekspertizadan o’tishi shart bo’lgan ilmiy seminarlar ro’yxatini kengash OAKda tasdiqlatib oladi.
13. Kengash, himoya to’g’risida «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon nashr etilgach, qo’lyozma tariqasida avtoreferatni chop etishga ruxsat beradi va uni tarqatish uchun qo’shimcha ro’yxat tuzadi, himoya kunini tayinlaydi. Himoya to’g’risida «OAK Byulleteni»da e’lon nashr etilgach, himoya uch oy muddat ichida o’tkazilishi shart.
Kengash majlisining vakolatliligi "Ilmiy darajalar berish tartibi haqidagi Nizom" talablariga muvofiq aniqlanadi.
Kengashning dissertasiyani himoyaga qabul qilib olish to’g’risidagi qarori, agar uni ochiq ovoz berish tarzida majlisda qatnashayotgan kengash a’zolarining ko’pchiligi yoqlasa, maqbul deb topiladi.
14. Tayyorlangan dissertasiya ixtisosliklaridan birontasi kengash ixtisosliklariga to’g’ri kelmasa yoki dissertasiya asosiy natijalari to’liq e’lon qilinmagan hamda dissertantning e’lon qilingan ilmiy ishlariga qo’yilgan shartlar haqidagi "Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom" talablari bajarilmagan taqdirda, kengash dissertasiyani himoyaga qabul qilmaydi. Bunday hollarda himoya qiluvchiga dissertasiyaning himoyaga qabul qilinmaganlik sabablari ko’rsatilgan majlis bayonnomasidan ko’chirma va u kengashga topshirgan barcha materiallar qaytarib beriladi.
Dissertasiya yuzasidan berilgan salbiy taqriz va xulosalar kengashning dissertasiyani himoyaga qabul etishiga monelik qilmaydi.
15. Himoya o’tkaziladigan manzilgoh, himoya kuni va soati himoyadan kamida bir oy avval avtoreferatni OAK tasdiqlagan ro’yxat (4.3-shakl) hamda kengash tasdiqlagan qo’shimcha ro’yxat bo’yicha tarqatish yo’li bilan ma’lum qilinadi.
 

Bosh sahifaga