1-. IQTISOSLASHGAN KENGASH TUZISH VA UNING ISHINI TASHKIL QILISH

1. Ixtisoslashgan kengash, shu jumladan birlashgan ixtisoslashgan kengash (Nizom matnida bundan buyon "kengash" deb yoziladi) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestasiyadan o’tkazish tizimining asosiy bo’g’ini bo’lib, fanning tegishli sohalarida o’z yutuqlari bilan mashhur bo’lgan, oliy ta’limdan keyin aspirantura va doktorantura shaklida ta’lim olib boruvchi yetakchi oliy o’quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida mazkur muassasalar bo’ysunuvchi vazirliklar, idoralar, fanlar akademiyasining iltimosnomalariga binoan OAK tomonidan tuziladi.
Iltimosnomada mazkur o’quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida kengash tuzishning zarurligi va uni tashkil etishning maqsadga muvofiqligi asoslab berilishi shart.
Iltimosnomaga kengash tarkibiga kiruvchi a’zolar to’g’risidagi ma’lumot (2.1-shakl) va uni tashkil etish haqidagi buyruq loyihasi (2.2-shakl) ilova qilinadi.
Kengash dissertasiyalarni faqat uchta ixtisoslik yoki fan sohasi bo’yicha himoyaga qabul qilishi mumkin.
2. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qilish bo’yicha kengash tarkibiga faqat fan doktorlari kiradi. Istisno tariqasida, kengash ilmiy kotibligiga fan nomzodi ham tayinlanishi mumkin.
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qilish bo’yicha kengash fan nomzodligi dissertasiyasi himoyasini o’tkazish huquqiga ega.
Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qilish bo’yicha kengash tarkibiga fan doktorlari va fan nomzodlari kiradi, lekin fan doktorlari soni kengash a’zolarining yarmidan kam bo’lmasligi kerak.
3. Zarur hollarda, yetarlicha asos bo’lgan taqdirda, oliy o’quv yurtlarida va ilmiy muassasalarda birlashgan ixtisoslashgan kengash tuzish mumkin. Birlashgan ixtisoslashgan kengash rahbariyati va tarkibi, a’zolari soni hamda ushbu kengashda himoya o’tkaziladigan ixtisosliklar soni va fan sohalari, tegishli iltimosnomalar e’tiborga olingan holda, OAK tomonidan tayinlanadi.
4. Kengash tarkibi quyidagi talablarga javob berishi lozim (ushbu band birlashgan ixtisoslashgan kengashga tatbiq etilmaydi):
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qilish bo’yicha kengash tarkibida har bir ixtisoslikning tegishli sohasi bo’yicha kamida besh nafar fan doktori bo’lishi, shu jumladan kengash tuzilgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasada ishlaydigan xodimlardan kamida uch nafar fan doktori bo’lishi kerak. Zarur hollarda, istisno tariqasida, tegishli ixtisoslik bo’yicha ikki fan doktori ishlayotgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida ham kengash tuzilishi mumkin.
Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya himoya qilish bo’yicha kengash tarkibida har bir ixtisoslikning tegishli sohasi bo’yicha kamida besh nafar mutaxassis, shu jumladan kamida uch nafar fan doktori, ulardan kamida ikki nafari kengash tuzilgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasada ishlaydigan xodim bo’lishi kerak.
Kengash tarkibiga kengashga berilgan ixtisosliklar muammolariga yaqin mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.
Qaysi ixtisoslik bo’yicha dissertasiyani himoya qilish huquqi berilgan bo’lsa, shu ixtisoslikning har biri bo’yicha kengash tarkibidagi boshqa oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasalardan taklif etilgan mutaxassislar soni kengash a’zolarining kamida uchdan bir qismini tashkil etishi kerak.
Mutaxassisni kengash tarkibiga kiritish uchun uning yozma roziligi va oxirgi besh yil ichidagi ilmiy ishlari ro’yxati bo’lishi shart. Odatda, bir mutaxassis asosiy ish joyidagi kengashning, bundan tashqari, boshqa oliy o’quv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida tuzilgan faqat birgina kengashning a’zosi bo’lishi mumkin.
Kengash a’zolarining miqdoriy tarkibi eng kami to’qqiz nafar va eng ko’pi yigirma bir nafar bo’lishi lozim.
5. Kengash raisi etib kengash ixtisosligi bo’yicha yetakchi mutaxassis-olim, odatda, kengash tuzilayotgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi shtatida ishlaydigan fan doktori tayinlanadi.
Kengash ilmiy kotibi etib kengash tuzilayotgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi shtatida ishlaydigan kengash ixtisosligi bo’yicha mutaxassis tayinlanadi.
6. OAK kengash ixtisosliklari ro’yxatini, kengash raisini vazirliklar, idoralar, Fanlar akademiyasi, tarmoqlararo ilmiy-texnikaviy majmualar va tarmoqlararo davlat birlashmalarining iltimosiga binoan o’zgartirishi va almashtirishi mumkin. Kengash tuzilgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining yoki ixtisoslashgan kengash raisining iltimosi asosida OAK kengash tarkibiga boshqa juz’iy o’zgartirishlar kiritadi. Iltimosnomada taklif etilayotgan barcha o’zgartirishlar aniq ko’rsatilishi hamda ularning zarurligi asoslab berilishi lozim. Iltimosnomaga yangi kiritilayotgan mutaxassislar haqida ma’lumot (2.1-shakl) va buyruq loyihasi (2.3-shakl) ilova qilinadi.
Dissertasiyaga talab pasaytirib yuborilgan, himoya qilish tartibi buzilgan yoki tashkilot va muassasa rahbarlari kengashning ishlashi uchun zarur sharoitni ta’minlamagan hollarda OAK kengash faoliyatini to’xtatib qo’yishi yoki tugatishi mumkin.
7. Dissertasiya bajarilgan ixtisoslikning yoki dissertasiya ixtisosligiga mansub bo’lgan fan sohalarining hammasi bo’yicha himoya o’tkazishga kengashning huquqi bo’lmasa, doktorlik (nomzodlik) dissertasiyasining bir martalik himoyasini o’tkazish uchun kengash tarkibiga unda bo’lmagan ixtisosliklar yoki fan sohalarining har biri bo’yicha hal qiluvchi ovoz huquqi bilan mazkur ixtisosliklarga tegishli fan sohalarining uch (ikki) nafar fan doktori kiritilishi lozim.
Bunday hollarda kengash raisi kengash tarkibiga qo’shimcha a’zolar kiritib va zarur ma’lumotlarni (2.1-shakl) ilova etib, bir martalik himoya o’tkazishga ruxsat berish haqida OAKga iltimosnoma yuboradi. Bir martalik himoya o’tkaziladigan kengash tarkibi OAK Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash oshkoralik sharoitida ish olib boradi. O’z majlislari haqida u ishlab turgan muassasa jamoasini muntazam xabardor qilib turadi. Kengash tayyorlangan dissertasiya himoyasi uchun g’oyat maqbul sharoit yaratilishiga ko’maklashishi lozim. Himoya qiluvchiga kengashdagi o’z dissertasiyasi himoyasiga oid hamma materiallar bilan tanishish, himoyaga taalluqli barcha masalalar xususida kengash rahbarlaridan malakali yordam olish imkoniyati yaratib berilishi zarur.
8. Kengashning bir majlisida faqat bitta himoya yoki jamoaviy taqriz o’tkazilishi mumkin, kun davomida esa faqat ikkita majlis o’tkazilishi mumkin. Kengash himoyalarni sessiya tarzida faqat OAK ruxsati bilan o’tkazishi mumkin.
9. Dissertasiya himoyasini o’tkazish navbatini rejalashtirishda kengash boshqa tashkilotlardan kelib himoya qiluvchilarning dissertasiyalarini qabul qilib olishni ko’zda tutishi, shuningdek, doktorlik dissertasiyalarining va OAK qo’shimcha xulosa olish uchun yuborgan dissertasiyalarning birinchi navbatda ko’rib chiqilishi shart ekanligiga rioya qilishi lozim.
10. Kengash OAK rahbarligida ishlaydi va o’zi ishlayotgan tashkilotning rasmiy blankasi va Davlat gerbi tasvirlangan muhridan foydalanadi. Tashkilot rahbarlari kengash ishiga zarur sharoit yaratib berish uchun mas’uldir.
11. Kengash rahbari kengash faoliyati haqida OAK oldida hisobot beradi. Kengash rahbari va a’zolari vaqti-vaqti bilan asosiy ish joylarining ilmiy jamoasi oldida hisobot berib turadilar.
Taqvim yili tugagach, kengash 10 yanvarga qadar OAKga yil davomida qilingan ishlar haqida hisobot (2.4-shakl) beradi.
 

Bosh sahifaga